Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti Xotin-qizlar kengashi
Biologiya fanlari doktori, professor Mambetullaeva Svetlana Mirzamuratovna 2026-yil 29–30-sentyabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan To‘rtinchi O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumida ishtirok etdi. Forum “Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, yangi vazifalar va hamkorlikning istiqbollari” mavzusida o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish va siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga bag‘ishlandi.
Ikki kun davomida davom etgan forum dasturi doirasida ikki mamlakat parlamentlari vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida muloqot va muhokamalar o‘tkazildi. Tadbir o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qonunchilik tajribasi almashish va kelgusidagi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish uchun muhim bo‘ldi.
Professor Mambetullaeva S.M. forumda delegatsiya a’zosi ma’ruzachi sifatida ishtirok etib, tadbir dasturida belgilangan yig‘ilishlar va muhokamalarda qatnashdi. Unda Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor S.M. Mambetullaeva “Трансграничное сотрудничество в научных исследованиях биоразнообразия: возможности для Узбекистана и Белоруссии” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. Tadbirda “O‘simliklar ekologiyasi va yashil texnologiyalar” laboratoriyasi katta ilmiy xodimi F.T. Otenova hamda tayanch doktorant G.S. Bayniyazova ham qatnashdi. Uning ishtiroki fan va ta’lim sohasidagi tajriba hamda bilimlarni xalqaro miqyosdagi hamkorlik jarayonlariga tatbiq etish, o‘zbek va Belarus olimlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.














